Buxoro shahrining Hofiz Tanish Buxoriy, Zulfiya, Qayum Murtazoyev, Ibrohim Moʻminov va Sanoatchilar koʻchalariga tutash hududlarda samarasiz foydalanilayotgan obyektlar, bino va inshootlar egallagan 83 gektar maydonda jami 73 ta lotdan iborat “Bukhara City” loyihasini amalga oshirishga kirishilgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, loyihaning umumiy qiymati 550 mln AQSH dollarini tashkil etib, 24,9 gektarda 34 ta lotdan iborat turar joy, 6,6 gektardan iborat 12 ta lotda mehmonxona, 3,05 gektardan iborat 7 ta lotda bank va ofis binolari, 1,7 gektardan iborat 5 ta lotda taʼlim muassasalari, 5.3 gektarda sport kompleksi, tibbiyot klinikasi, va boshqa turdagi ijtimoiy obyektlar joylashtirilgan. Loyihaning yana bir eʼtiborli jihati, Buxoroda ilk bor 1,1 gektarda 32 qavatli bino, 1,7 gektarda ekspomarkaz hamda 1,4 gektarda texnopark ham aynan ushbu hududda qurilishi koʻzda tutilgan.

Hududda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Botir Zaripov sektorlar rahbarlari, tegishli viloyat hokimi oʻrinbosarlari, Buxoro shahar hokimligi mutasaddilar hamrohligida bugun, 19-noyabr kuni “Bukhara City” direksiyasiga tashrif buyurdi.

Dastlab Botir Zaripov majmua hududida barpo etilishi koʻzda tutilgan IT-park loyihasi bilan tanishdi. IT-park 12 va 9 qavatdan qavatdan iborat boʻladi. Uni 2021-yilda ishga tushirish rejalashtirilgan.

Maʼlumki, bu yil mamlakatimizda “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb eʼlon qilingan. 8-iyun kuni Prezident huzurida oʻtkazilgan taqdimotda hududlarda soha rivojiga sharoit yaratish, Buxoro, Namangan, Nukus, Samarqand, Urganch va Jizzax shaharlarida Toshkentdagi IT-park filiallarini tashkil etish boʻyicha vazifalar belgilab berilgan edi.

Viloyat rahbariga Buxoroda yoshlarni axborot texnologiyalariga oʻqitish va shu sohada bandligini taʼminlash rejasi toʻgʻrisida maʼlumot berildi. IT-parkda axborot texnologiyalari boʻyicha mutaxassislar qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, kommunal xoʻjalik, taʼlim, turizm, madaniyat, qurilish va transport kabi sohalarda turli istiqbolli loyihalar ustida ish olib boradi. Shuningdek, raqamli texnologiyalar oʻquv maskani, kovorking markazi, oʻquv va kibersport xonalarida yoshlar malakasi oshiriladi.

Shuningdek, viloyat rahbari innovatsion loyiha doirasidagi “Karvon Shopping Centre” savdo majmuasi binosining soʻnggi qurilish jarayonlari bilan yaqindan tanishib, loyihaning oʻz vaqtida va mukammal darajada yakunlanishi boʻyicha zaruriy taklif va tavsiyalar berdi.

Amerikalik investorlar va mahalliy tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan barpo etilayotgan yirik majmua eng soʻnggi zamon talablariga mos ravishda tashkil etilmoqda. Mazkur savdo majmuasi 1 ming 717 ta xalqaro brendlar va hunarmandlar uchun savdo doʻkonlari, 36 ta umumiy ovqatlanish, shuningdek, 100 dan ortiq maishiy va texnik xizmat koʻrsatuvchi shaxobchalari, avia va temir yoʻl kassalari, bank filiallari, koʻngilochar va axborot markazlarini oʻz ichiga oladi.

Umumiy qiymati 50 mln dollarni tashkil etadigan mazkur obyekt, viloyat iqtisodiyoti oʻsishida muhim ahamiyat kasb etib, koʻplab tadbirkorlarimiz uchun qulay imkoniyatlar yaratilishi va mablagʻlar legallashtirilishiga zamin yaratadi. Qolaversa, ushbu obyekt faoliyati yoʻlga qoʻyilgach, kelgusida 6 ming 500 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratilishi rejalashtirilgan.

Shu qatorda viloyat hokimi xorijiy investorlar bilan oʻzaro manfaatli kelishuvga erishishda ilgʻor chet davlatlar tajribasidan unumli foydalanish, bunda alohida “showroom”lar tashkil etish va diplomatik muzokaralarni yuqori saviyada tashkillashtirish yuzasidan zarur koʻrsatma hamda topshiriqlarni berdi.

Shuni majmuada amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda mavjud muammolar masʼullar ishtirokida oʻtkazilgan yigʻilishda keng muhokama qilindi.

Xususan, “Bukhara city” majmuasi hududida mavjud bino va inshootlarni boshqa hududlarga koʻchirish boʻyicha mulkdorlar bilan olib borilayotgan muzokaralar, mavjud muammolar, qurilish uchastkalarini tayyorlash, yangi loyihalarga salohiyatli investorlarni jalb qilish, tanlangan investorlar tomonidan loyiha-qurilish ishlarini tizimli va samarali tashkil etilishiga doir ishlar koʻrib chiqildi.

от QSHNI

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

You missed